Sabzili tort birinchi marta 1591 yilda Angliyada chop etilgan retseptlar kitobida eslatilgan. Lekin bu tort ungacha ham tayyorlangan. Hozirda bu tortning zamonaviy varianti Angliya, AQSH, Kanada va Avstraliyada keng tarqalgan. Bu tort mening eng yaxshi ko‘rgan tortlarimdan biri. Sabzi tortini tayyorlash juda oson. Albatta tayyorlab ko‘ring, sizga ham yoqishiga ishonchim komil.
Kerakli mahsulotlar (17.5 smlik tort uchun):
- 175 gr un
- 175 gr shakar
- 140 gr sabzi (o‘rta hajmdagi 3 dona sabzi)
- 3-4 dona tuxum (hajmiga qarab)
- 175 gr o‘simlik yog‘i
- 50 gr oddiy yong‘oq
- 50 gr mayiz
- 1 choy qoshiq choy sodasi (eritish shart emas)
- 1 choy qoshiq razrixlitel
- 0.5 choy qoshiq muskat yong‘og‘i (мускатный орех)
- 0.5 choy qoshiq dolchin maydasi (корица)
- 1 ta apelsinning zesti (po‘chog‘i)
- Ozgina tuz
Kremi uchun:
- 200 gr qaymoqli pishloq (cream cheese, ya‘ni ‘cливочный плавленный сыр’, masalan Philadelphia; agar yoq‘ bo‘lsa o‘rniga sariyog‘ ishlating)
- 100 gr sariyog‘ (сливочное масло)
- 150 gr shakar kukuni
Bitta idishda hamma quruq mahsulotlarni aralashtirib oling.

Boshqa idishda tuxum va yog‘ni ham aralashtirib oling.
Endi quruq mahsulotlarning ustiga qirg‘ichdan o‘tkazilgan sabzini qo‘shing.

Keyin ularning ustiga suyuq mahsulotlarni qo‘shing. Tortning xamiri tayyor.

Pishirish
Xamirni yog‘langan va fergament qog‘oz solingan qolipga quying. Men 17.5 smlik ikkita qolipga quydim va ikkalasini teng 170°C da 30 minut pishirdim.

Tortning pishganligini gugurt cho‘pi bilan tekshiring.
Tort sal sovigach, qolipdan chiqarib to‘la sovitib oling.

Krem tayyorlash – xona haroratidagi sariyog’, qaymoqli pishloq va shakar kukunini mikser yoki qo‘l venchik bilan aralashtirib oling.

Endi tayyor kremning yarmini tortning birinchi qismiga surkang va ustiga tortining ikkinchi qismini qo‘ying.

Kremning qolgan qismini tortning tepasiga surkang. Xohlasangiz tortning yonboshiga ham krem surkang. Lekin unda kremning ustiga maydalangan yong‘oq seping, bo‘lmasa yonboshi uncha chiroyli bo‘lmaydi.

Tort tayyor. Uni yarim soat o‘tgach shundayligicha yoki ustini bezatib dasturxonga torting.

E’tibor qiling:
Tortning xamirini bitta qolipga quyib ham pishirish mumkin, faqat unda pishirish vaqtini yana besh minutga uzaytiring. O‘rtasidan bo‘lib krem surkab oling.
Yana bir usuli esa xamirning hammasini bitta kattaroq qolipda pishirish va kremni ustiga surkab olish (o‘rtasida krem bo‘lmaydi).
Bu tortda sabzi bo‘lganligi uchun uni past olovda uzoqroq vaqt pishirish kerak bo‘ladi.
Agar qaymoqli pishloq yo‘q bo‘lsa, unda kremni sariyog‘qa ozgina sut aralashtirib tayyorlang.
Sabzi torti xolodilnikda bir-ikki kungacha yaxshi saqlanadi va o‘z mazasini yo‘qotmaydi.
Apelsin zestini butun apelsinning po‘chog‘ini qirg‘ichdan o‘tkazib tayyorlab oling.

Yoqimli ishtaha!!!
Buyuk Britaniyada keng tarqalgan yana bir tort Qirolicha Viktoriya tortidir, buni ham keyingi safar tayyorlab ko’ring. Blogdagi boshqa tortlarni mana bu yerda topasiz.
Veb sahifa: www.juvajon.com