You are currently viewing Sezar salati (Ceasar salad) – yana bir sog’lom salat

Sezar salati (Ceasar salad) – yana bir sog’lom salat

Sezar salati roman salat bargi, qattiq non kubiklari (kruton) va parmazan pishlog‘ining ajoyib kombinatsiyasi bo‘lib, u birinchi marta Amerikalik italiyan oshpaz Ceasar Cardini tomonidan yaratilgan. U Amerika va Yevropa kontinentidagi eng mashhur salatdir. Men bugun sizlar bilan sezar salatining asl retseptini ulashaman.

Kerakli mahsulotlar (4-5 portsiya uchun):

Sousi uchun:

  • 1 dona chesnok tishi
  • 1 choy qoshiq xantal (горчица)
  • Yarimta limonning sharbati
  • 1 osh qoshiq anchous yoki Worcester sousi (Вустерский соус)
  • 1 osh qoshiq parmazan pishlog‘i
  • 4 osh qoshiq zaytun yog‘i
  • 1osh qoshiq mayonez yoki bitta tuxumning sarig‘i

 Sezar salati uchun kruton tayyorlash

Avvalo nonni 1×1 sm kubikchalarga bo‘lib olamiz. Keyin uning ustiga 1 dona mayda chesnok tishi qo‘shilgan 1 osh qoshiq zaytun yog‘ini non kubikchalarning ustiga quyamiz.

Kruton tayyorlash

Endi bu nonni 170°Cda duxovkada 8-10 minut atrofida quritib olamiz. Nonlar tezda quriydi, kuyib ketmasin. Bunday usulda tayyorlangan nonlar krutons deb ataladi. Endi bularni bir chetga surib qo‘yamiz.

Kruton

 Sezar salati uchun sous tayyorlash

Buning uchun maydalangan chesnokni idishga solib yaxshilab qoshiqning orqasi bilan ezib olamiz.

Endi uning ustiga Worcester sousi, limonning sharbati va xantalni solib aralashtiramiz.

Sezar salati uchun sous tayyorlash

Keyin murch va mayonezni solamiz va zaytun yog‘ini oz-ozdan quyib aralashtiramiz.

Sezar salati uchun sous tayyorlash
Sezar salati uchun sous tayyorlash

Eng oxirida 2 osh qoshiq qirg‘ichdan o‘tkazilgan parmazan pishlog‘ini qo‘shamiz.

Sezar salati uchun sous tayyorlash

Hammasini aralashtirsak sous tayyor bo‘ladi.

Salat barglarni yuvib yaxshilab quritamiz.

Roman salat bargi

Keyin ularni maydalab olamiz. Odatda bu salat uchun salat barglari qo‘l bilan bo‘linadi.

Roman salat bargi

Endi bu barglarni sousning ustiga solamiz va ikkita qoshiq yoki vilka yordamida barglarni ezmasdan aralashtiramiz.

Sezar salati

Keyin krutonlarni va 3 osh qoshiq qirg‘ichdan o‘tkazilgan parmazan pishlog‘ini qo‘shib aralashtiramiz.

Salat tayyor, uni dasturxonga darrov tortamiz. Bu salat odatda grilda pishgan tovuq yoki baliq go‘shti bilan birga yeyiladi. Men grilda pishgan tovuq go‘shti bilan dasturxonga tortdim.  Sezar salati go‘sht bilan yeyilganda ovqatning o‘rnini bemalol bosadi.

Sezar salati

E’tibor qiling:

Salatning asl retseptida sous uchun pishmagan tuxumning sarig‘i ishlatiladi, lekin ko‘p joylarda tuxumning o‘rniga mayonez qo‘shiladi. Men ham shunday qilaman.

Bu salatning sousini oldindan tayyorlab qo‘yilsa, dasturxonga tortilishidan oldin salat barglari bilan aralashtirsa bo‘ladi.

Salat barglari yaxshi quritilmasa, ularning ustidagi suv sousning ta’mini buzadi.

Blogda boshqa dunyoga mashhur salatlarning asl retseptini ham topasiz, masalan grekcha salat.

Sezar salati va grilda pishgan tovuq go'shti

Yoqimli ishtaha!!!

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com