You are currently viewing Sinabon bulochkasi (Cinnamon rolls)

Sinabon bulochkasi (Cinnamon rolls)

Sinabon bulochkasi juda ham yumshoq va o’zgacha ta’mli bulochkadir. Marhamat, retsept bilan tanishing.

Kerakli mahsulotlar:

Xamir uchun:

  • 350 gr atrofida un
  • 180 ml sut
  • 1.5 choy qoshiq xamirturush (droja)
  • 1 dona tuxum
  • 50 gr saryog‘ yoki margarin
  • 50 gr shakar
  • 1 choy qoshiq tuz

Ichiga surkash uchun:

  • 50 gr yumshoq saryog‘ yoki margarin
  • 50 gr shakar
  • 1 osh qoshiq dolchin (корица, cinnamon)
  • 2-3 qoshiq yong‘oq va mayiz (agar xohlasangiz; men bu safar mayiz o’rniga mayda shkolad ishlatdim)

Ustiga krem uchun:

  • 120 gr shakar kukuni
  • 30-45 ml sut
  • 30-35 gr atrofida xona haroratida saryog‘
  • Ozgina vanilin

Hamma mahsulotlar xona temeraturasida, sut esa iliq bo‘lishi kerak.

Sutga xamirturush va shakarni qo‘shib 2 minut kuting. Endi uning ustiga tuz, bitta tuxum, eritilgan saryog‘ va unni qo‘shib yumshoq xamir qiling. Bu xamir juda ham qo‘lga yopishqoq bo‘ladi. Endi xamirni un sepilgan stolga yoki surpaga olib xamir silliq bo‘lgunicha ishlov bering. Keyin ustini yog‘lab va o‘rab iliq joyga oshirishga olib qo‘ying.

Sinabon bulochkasi xamiri

1 soatdan so‘ng oshib chiqqan xamirni unlangan tekiz joyning ustida 1.5-2sm balandlikda yoyib oling.

Xamirni yoyamiz

Endi xamirning ustiga yumshoq saryog‘ni surkang va uning ustiga shakar, mayizni, cinnamon va yong‘oqni (agar qo‘shsangiz) seping.

Sinabon bulochkasi ichiga mayiz va yong'oq solamiz

Xamirni rulet shaklida o‘rab chiqing.

Bu ruletni 4sm atrofida kesib (12taga), yog‘langan idishga orasini ochibroq terib chiqing. Hammasini terib bo‘lib ustini o‘rab yana iliq joyga 40 minutga olib qo‘ying.

Sinabon bulochkasi xamairini kesamiz
Teramiz

Endi duxovkani 185C° ga qizdirib, ustiga sut yoki tuxum surkalgan bulochkalarni 18-20 minut pishirib oling. Bulochka pishib chiqqunicha krem uchun hamma maxsulotlarni qoshiq bilan yaxshilab aralshtirib oling.

Sinabon bulochkasi kremi

Pishib chiqqan issiq bulochkalar ustiga kremni surkang va dasturxonga torting. Sinabonlar yangligida eng mazali bo‘ladi.

E’tibor qiling:

Xamirga ko‘p un qo‘shib yubormang, juda qo‘lingizga yopishsa o‘simlik yog‘i ishlating.

Agar dolchin topolmasangiz, usiz ham bulochkalar shirin bo‘laveradi, faqat dolchin hidi bo’lmay qoladi.

Agar sinabonlarni nonushtaga tayyorlamoqchi bo‘lsangiz xamirni bir kun oldin kechki paytda qiling va uni oshirishdan oldin yoyib hamma sepiladigan narsalarni qo’shib, rulet qilib kesib, qolipga solib, holodinlikda ustini o‘rab, kechasi bilan asta-sekin oshirishga qo‘ying. Ertalab 30-40 minut atrofida xona haroratida qoldirib keyin pishiring. Men doim shunday qilib pishiraman.

Sinabon bulochkasi tayyor

Yoqimli ishtaha!!!

Blogdagi boshqa nonushta va dessert retseptlari bilan ham albatta tanishing.

Telegram kanalimizga ulaning