You are currently viewing Somsa kabob – Iftorlik uchun

Somsa kabob – Iftorlik uchun

Bugungi retsept somsaning qavatlari ko‘p bo‘ladigan turi. Cho‘pga o‘tkazib pishirilgan somsa kabob mehmondorchiliklarda har xil qiyma solingan somsalarni guruhlarga ajratish uchun qulay. Bolalarga va kattalarga birdek yoqadi va yeyishga oson.

Kerakli mahsulotlar (24 dona o‘rta hajmdagi somsa uchun):

Xamiriga

  • 450 gr un
  • 220 ml atrofida suv
  • Bir chimdim tuz
  • 150-180 gr atrofida margarin yoki sariyog‘
  • 1 dona tuxum (somsalarning ustiga surkash uchun)

Qiymasiga

  • 500 gr go‘sht
  • 500 gr piyoz

Ziravorlar: kashnich urug‘i, zira, murch, paprika va tuz

6 dona cho‘p

Avval xamirni qorib olamiz. Buning uchun un, tuz va suvni aralashtirib xamir qilamiz.

Somsa kabob masalliqlari

Keyin uni ikki yoki uchta zuvalaga bo‘lamiz (men ikkitaga bo‘ldim) va 15-20 minut tindiramiz (yaxshi tingan xamirni yoyish oson bo‘ladi).

Xamir tingach zuvalaning bittasini yoyib yuzasi tekis joyga qo‘yib turamiz (masalan stolning ustiga).

Endi darrov ikkinchi zuvalani ham yupqa qilib yoyamiz.

Keyin birinchi zuvalaning ustiga juda yumshoq (yarim erigan holatda) margarinni surkaymiz va uning ustiga ikkinchi yoyilgan xamirni ham qo‘yamiz va margarin surkaymiz.

Ikki qavat bo‘lib qolgan bu xamirni yana o‘rtasidan teng buklab olamiz va margarindan surkaymiz. Shunday qilib xamirni 8 qavat bo‘lguncha buklab olamiz va har buklaganimizda margarin surkaymiz.

Xamirni to‘rtburchak shaklga keltirib olamiz va keyin uni rulet qilib o‘raymiz. Bu xamirni endi xolodilnikka 1 – 2 soatga yoki muzlatgichga 45 – 60 minutga solib qo‘yamiz. Yog‘i qotishi uchun.

Somsa kabob xamiri

Xamir tinguncha mayda to‘rg‘algan go‘sht va piyozni ziravorlar bilan aralashtirib olamiz.

Vaqt o‘tgach xamirni olib diagonal yo‘nalishda kesib olamiz. Men 2sm qalinlikda kesdim (24 dona chiqdi). Endi xamirni darrovda yoki keyinroq ishlatsa bo‘ladi. Keyinroq ishlatilsa xolodilnikda turishi kerak.

Endi har bir xamirchani yoyib olamiz va o‘rtasiga 2 osh qoshiq atrofida qiyma solamiz.

Somsa kabob xamiri
Somsa kabob chugish

Ularni dumaloq qilib tugamiz.

Endi cho‘pning uzunligiga qarab 3 yoki 4 dona somsani bitta cho‘pga o‘tkazamiz. Somsalarni cho‘psiz pishirish ham mumkin – cho‘p qo‘shimcha qulaylik va ko‘rinish uchun, mazasiga ta’sir qilmaydi.

Somsa kabob

Ustiga tuxum surkab olamiz va xohishga qarab kunjut yoki sedana sepamiz. Somsalarni 200C° da qizib turgan duxovkada 40 minut yoki usti tilla rang bo‘lguncha pishiramiz.

Somsa kabob tayyor

Pishgan somsa kabob issiqligida dasturxonga tortiladi.

E’tibor qiling:

Xamirni bir-birini ustiga qo‘yayotganda orasidagi havoni chiqarib yuboring, bo‘lmasa qavatlar orasida bo‘shlik paydo bo‘ladi. Bu o‘z navbatida somsaning kesilgan xamirini yoyishda qiyinchilik tug‘diradi.

Agar somsani cho‘pga o‘tkazsangiz, har xil qiyma tayyorlash ham qiziq bo‘ladi. Masalan, go‘sht, ko‘k va qovoq…

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda yana boshqa turdagi somsalar retseptlari ham bor. Masalan parmuda somsa, yoki hindcha samosa.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com