You are currently viewing Spanakopita – Ismaloqli Grekcha pirog

Spanakopita – Ismaloqli Grekcha pirog

Spanakopita dunyoning eng mashhur piroglaridan biridir. Uning vatani Gretsiya bo‘lib, hozirda u Yevropa va AQSHda keng tarqalgan. Spanakopita oqsil, vitamin va foydali yog‘larga boydir.

Kerakli mahsulotlar (20×20 smli pirog uchun):

  • 300 gr filo xamiri (8-10 dona)
  • 5-6 osh qoshiq zaytun yog‘i

Nachinkasi uchun:

  • 500-600 gr ismaloq
  • 2 dona tuxum
  • 600 gr feta pishlog‘i
  • 1 dona piyoz
  • Tuz va murch
  • 1 bosh ko‘k piyoz
  • Yarim bosh petrushka
  • 1 osh qoshiq zaytun yog‘i

Spanakopita uchun qiyma tayyorlash

Zaytun yog‘ini tovaga quying. Qizigach mayda to‘rg‘algan piyoz, ko‘k piyoz va petrushkani soling.

Keyin ularning ustiga mayda to‘rg‘algan ismaloqni soling.

Spanakopita uchun qiyma tayyorlash

Men yangi ismaloq barglaridan foydalandim, shuning uchun ko‘p maydalamadim. Ismaloqni suvi chiqib, bug‘lanib ketguncha pishiring. Endi olovni o‘chiring. Men qiymani elakka 10 minut atrofida solib qo‘ydim, suvi oqib ketishi uchun.

Spanakopita uchun qiyma tayyorlash

Endi sovigan ismaloqqa feta pishlog‘ini maydalab soling. 2 ta tuxumni ham soling. Ta’bga qarab tuz va murch qo‘shing. Feta pishlog‘i tuzli bo‘lishini yodda tuting.

feta pishlogi

Spanakopita tugish

Men bugun tayyor filo xamiridan foydalanyapman, lekin filo xamirini uyda tayyorlash ham mumkin.

Qolipni zaytun yog‘i bilan yog‘lang. Bitta filo xamiridan qo‘ying.

Spanakopita tugish

Ustiga zaytun yog‘idan surkang. Keyin ikkinchi xamirni qo‘ying va yog‘ surkang. Shunday qilib 5 qavat xamir qo‘ying. Xamir qolipning chekkasidan osilib tursin.

Spanakopita tugish

Endi xamirning ustiga qiymani soling va ustiga qolipning chekkasidan chiqib turgan xamirni yoping.

Xamirning kattaligiga qarab, pirog to‘la o‘raladi yoki to‘la o‘ralmaydi. Men ishlatgan xamirlar kichkinaroq kesilgan edi, shuning uchun pirogni to‘la yopmadi. Men pirogning ustiga alohida 4 dona xamir yopdim.

Spanakopita tugish

Spanakopitaning ustiga zaytun yog‘idan surkang.

Pirogni 180°Cda qizib turgan duxovkada 25-30 minut atrofida pishiring. Spanakopitaning usti tilla rang bo‘lib qizaradi.

Tayyor spanakopitani qolipdan ehtiyotkorlik bilan chiqaring. Men odatda tarelkaga ontaraman va keyin undan yana bitta tarelkaga ontaraman. Pirogni biroz sovitib dasturxonga torting.

Spanakopita pirog

E’tibor qiling:

Ismaloqning suvini yaxshilab chiqarib oling, bo‘lmasa pirogning tagi nam bo‘lib qolishi mumkin.

Qiyma xamirning ichiga solinganda, u albatta sovuq bo‘lishi kerak.

Spanakopita pirog

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda yana boshqa piroglarning retseptini ham topasiz. Masalan, go‘shtli pirog yoki karamli pirog.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com