Stollen Germaniya mevali noni bo‘lib u odatda qish oylarida tayyorlanadi. Ayniqsa uni Yangi yil bayramlari oldidan tayyorlashadi. Stollen mazali va uzoq vaqt saqlanadigan non. Uni har xil tayyorlash usullari bor. Bugun sizlarni eng oson usuli bilan tanishtiraman.
Kerakli mahsulotlar (45 sm stollen uchun):
- 500 gr atrofida oq un
- 100 gr shakar
- 10 gr xamirturush
- 150 gr sariyog‘ yoki margarin
- 250 ml sut
- 10 gr tuz
- 200 gr mayiz
- 200 gr quritilgan mevalar
- 100 gr klyukva
- 220 gr marsipan
- 50-100 gr atrofida bodom yoki yong‘oq (men ikkalasini aralashtirdim)
- 3-4 osh qoshiq shakar kukuni
- 3 osh qoshiq eritilgan sariyog‘
- Ozgina vanillin
- 1 dona apelsin zesti (po‘chog‘i)
- Ozgina bodom essensiyasi (xohishga qarab)
- Bir chimdimdan muskat yong’og’i va qalampirmunchoq kukuni
Stollen uchun xamir qorish
Buning uchun idishda un, xamirturush, shakar va tuzni aralashtirib oling. Tuz va xamirturushni bir biridan uzoqqa soling.
Ularning ustiga yumshoq sariyog‘ va iliq sutni quyib xamir qoring.
Alohida idishda quruq mevalar, vanillin, muskat yong‘og‘i, qalampirmunchoq maydasi va apelsining zestini aralashtirib oling.
Endi bu aralashmani xamir bilan aralashtirib oling.
Xamirga yaxshilab ishlov bering. Stollen xamiri zich xamir bo‘ladi. Endi xamirni o‘rab iliq joyda 1.5-2 soat davomida oshiring.
Ungacha marsipanni 45 sm atrofida uzun cho‘p shakliga keltirib oling.
Stollen pishirish
Endi oshib chiqqan xamirni 45×35 sm atrofida to‘rtburchak shaklida yoyib oling.
Unga ozgina yumshoq sariyog‘ surkang. Uning o‘rtasiga marsipanni qo‘ying.
Endi xamirning bir tomonini rasmdagidek qilib marzipanga o‘rang.
Keyin ikkinchi tomonini ham o‘rtaga olib keling (rasmga qarang).
Stollenning bir tomonini qo‘l bilan bosib chiqing.
Endi stollenni yog‘ surkalgan yoki fergament qog‘ozi solingan listga qo‘ying. Ustini o‘rab yana 1.5 soat atrofida uni oshiring.
Ikkinchi marta oshib chiqqan stollenni 170⁰Cda qizib turgan duxovkada 50 minut atrofida pishiring. Agar usti qizarib ketayotgan bo‘lsa, ustini folga qog‘ozi bilan o‘rab qo‘ying.
Pishib chiqqan stollen ustiga eritilgan sariyog‘ni yaxshilab surkang. Keyin ustiga shakar kukuni seping.
Stollenni to‘la sovitib, keyin dasturxonga torting.
Odatda stollenni yaxshilab o‘rab olib qo‘yiladi va ikki haftadan keyin iste’mol qilinadi. Ustiga surkalgan sariyog‘ uning namligini saqlab turadi. Lekin kutish shart emas.
E’tibor qiling:
Stollenning xamiri bulochka xamiridan qattiqroq qorilishi kerak. Chunki stollen zich non, u pardek yumshoq bo‘lmaydi.
Stollen yangi yil sovg‘asi yoki dasturxoni uchun ajoyib non.
Marsipan bodom uni, shakar va asal aralashmasidan tayyorlangan pasta. U pishiriqlar uchun Yevropada ko‘p ishlatiladi.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogda yana boshqa yangi yil bayrami uchun retseptlarni topasiz. Masalan, bliss yoki qorli pechenyelar.
Veb sahifa: www.juvajon.com