Sushi dunyoda eng keng tarqalgan taomlardan biridir. Yaponiya oshxonasidan kelib chiqqan taomni, hozirda butun dunyoda uchratish mumkin. Bugun uni uy sharoitida tayyorlash bilan tanishtiraman. Bolalar bilan tayyorlashga juda qiziq retsept.
Kerakli mahsulotlar (25-30 dona sushi uchun):
Guruchni pishirish uchun:
- 300 gr guruch
- 9 osh qoshiq guruch sirkasi
- 6 osh qoshiq shakar
- 1 osh qoshiq tuz
Sushi uchun:
- 4 dona sushi qog‘ozi
- 300 gr pishgan guruch
- 1 dona avokado
- 5-6 ta krab barmoqlari
- 1 dona bodring
- 200 gr dudlangan makarel balig‘i
- 1 dona sabzi
- 200 gr dudlangan losos’ balig‘i
- Ozgina kunjut
- 1 dona bulg‘or qalampiri
- Ozgina sedana
Sushi uchun guruch tayyorlash
Sushi uchun guruchning o‘rtacha uzunlikdagi oq turi ishlatiladi. Men ham shu guruch turidan foydalandim.
Oldin sirkani tayyorlab olamiz. Shakar, tuz va sirkani idishga soling.
Keyin qopqog‘ini yoping. Yaxshilab silkiting. Bu jarayonni ikki-uch marta qaytaring. Aralashmani bir chetga surib qo‘ying.
Guruchni yaxshilab yuving va ustiga 350 ml suv quying. Endi uni olovga qo‘ying. Ustini yoping. Uni 15 minut atrofida pastroq olovda qaynating. Bu orada guruch suvni tortib oladi. Endi olovni o‘chirib, guruchni 10 minut atrofida dam yediring.
Endi pishgan guruchning ustiga sirka aralashmasini quying. Keyin ehtiyotkorlik bilan guruchni aralashtiring. Guruch sovigach, u taom uchun tayyor bo‘ladi.
Sushi o‘rash
Sabzavotlarning hammasini bir xil uzunlikda kesib oling. Baliq go‘shtini ham shunga moslab tayyorlab oling.
Endi sushi o‘raydigan moslamaga sellofan qo‘ying (bambuk podnosning orasiga guruch kirib qolmasligi uchun).
Endi bitta qog‘ozdan qo‘ying. Uning ustiga guruchning ¼ qismini soling va bir tekis qilib yoyib chiqing. Barmoqlar ho‘llab olinsa guruch qo‘lga yopishmaydi.
Birinchi tugish usuli – guruch ichkarida
Guruchning ustiga sabzavotlar va baliq go‘shtidan aralashtirib soling. O‘zingizga yoqqan kombinatsiyani yarating. Endi bambukli moslama bilan birgalikda o‘rang.
Ikkinchi tugish usuli – guruch tashqarida
Birinchi usuldagidek qog‘ozdan soling va ustiga guruch qo‘ying. Keyin uning ustiga sedana seping.
Endi uni qog‘ozidan ushlab ontarib oling. Ustiga sabzavotlar va baliq go‘shtidan soling. Endi o‘rang.
Qog‘ozlarning hammasini shunday usulda o‘rab oling.
Keyin o‘zingiz xohlagan kattalikda diagonal yo‘nalishda kesing. Sushini kesishdan oldin, pichoq sovuq suv bilan yuvib, quritib olinsa unini kesish oson bo‘ladi. Chunki unga guruch yopishmaydi.
Sushi tayyor, uni dasturxonga torting.
E’tibor qiling:
Bu retsept uy sharoitida sushi tayyorlashdir. Odatda sushi uchun xom baliq ishlatiladi, lekin men xom baliqni uy sharoitida ishlatishni tavsiya qilmayman.
Bu taom uchun boshqa dudlangan baliq turlarini ham ishlatish mumkin.
Sushini bambukli moslamasiz ham o’rash mumkin.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogda yana boshqa Yaponiya taomlarining retseptini ham topasiz. Masalan katsu karri.
Veb sahifa: www.juvajon.com