You are currently viewing Swiss roll, yoki Rulet desserti

Swiss roll, yoki Rulet desserti

Men iftrolik dasturxonini eslaganimda albatta dissert uchun rulet hayolimga keladi. Bugun sizlar bilan ajoyib rulet retseptini ulashaman, bir tayyorlab ko‘ring. Bu rulet birinchi marta Avstriyada tayyorlangan va keyinchalik butun Yevropa bo‘ylab tarqalgan.

Kerakli mahsulotlar (23smlik rulet uchun):

Xamir uchun

  • 3 dona tuxum
  • 100 gr shakar
  • 70 gr un
  • 20 ml o‘simlik yog‘i
  • 3 gr razrixlitel yoki ichimlik sodasi
  • 3-4 osh qoshiq shakar kukuni
  • Ozgina vanilin
  • Ozgina tuz

Krem uchun

  • 250 ml qaymoq
  • 3 osh qoshiq shakar kukuni
  • Ozgina vanilin

Murabbo uchun

  • 200 gr qulupnay
  • 30 gr shakar
  • 10 ml suv

Avvalo rulet uchun ketadigan murabboni tayyorlab olamiz. Buning uchun to‘rg‘algan 200 gr qulupnayning ustiga 30 gr shakar va 10 ml suvni qozonchada past olovda 10-15 minut qaynatamiz.

rulet uchun sous

Oldin qulupnayning suvi chiqadi, keyin murabbo qo‘yiladi. Ora-orada aralashtirib turamiz. Kerak bo‘lsa qoshiq bilan qulupnaylarni ezib qo‘yamiz. Pishgach sovishi uchun chetga surib qo‘yamiz.

Xamir tayyorlash

Murabbo tayyor bo‘lib turgunicha xamirni tayyorlab olamiz. Tuxumlarni va shakarni mikser yordamida oppoq bo‘lgunicha ko‘pirtiramiz.

Keyin ozgina vanilin va 20 ml yog‘ni solib, yana 1-2 minut ko‘pirtirishda davom etamiz.

rulet uchun krem

Keyin elangan un, razrixlitel va tuzni solib, xamirni katta qoshiq bilan bir tomonga aralashtiramiz.

rulet xamiri

Endi fergament qog‘ozi solingan 33×23 smlik listga quyamiz va 180C°da qizib turgan duxovkada 12-15 minut pishirib olamiz. Men qilgan  biskvit 13 minutda pishdi.

Bitta toza sochiqqa shakar kukunidan sepamiz va pishgan issiq  biskvitni sochiqning ustiga to‘ntarib olamiz.

Keyin fergamentni olib tashlab,  biskvitning u tomoniga ham shakar kukunidan sepamiz.

rulet xamiri

Endi  biskvitni sochiq bilan birga rulet qilib o‘rab, uni sovishi uchun bir soatga olib qo‘yamiz.

rulet o'rash

Biskvit sovigach, qaymoqli kremni tayyorlaymiz. Qaymoq, vanilin va 3 osh qoshiq shakar kukunini bitta idishga solib mikser yordamida, qaymoqning ustida iz qoladigan bo‘lgunicha ko‘pirtiramiz. Doimgidek hamma narsa muzdek bo‘lsin.

Endi ruletni ochib olamiz va unga qulupnayli murraboni tekis qilib surkab chiqamiz.

Uning ustidan qaymoqli kremni ham bir tekisda surkab chiqamiz. Chetlaridan biroz joy qolsin.

Endi  biskvitni yana rulet qilib o‘raymiz. Keyin yana o‘sha sochiqqa o‘rab xolodilnikka 2-3 soatga solib qo‘yamiz, shakli qotishi uchun.

rulet o'rash

Vaqt o‘tgach ruletni olamiz va ustiga shakar kukuni sepamiz. Keyin ikki chetini tekis qilib kesib olamiz.

Rulet tayyor, uni shunday shakar kukuni bilan yoki ustini bezab dasturxonga torting. Men qaymoqli kremdan ozgina olib qo‘ygan edim, undan ruletning ustiga gul chiqardim va qulupnaylarni o‘rtasidan kesib qo‘ydim.

rulet tayyor

E’tibor qiling:

Bu biskvitga razrixlitel ko‘p qo‘shib yubormang,  biskvit ko‘tarilib ketsa, uni rulet qilib o‘ralganda, bo‘linib ketadi.

Yog‘ni ko‘rsatilgan miqdorda qo‘shing, bo‘lmasa biskvitni rulet qilib o‘rash qiyin bo‘ladi.

Bu ruletni boshqacha krem bilan to‘ldirsa ham bo‘ladi. Lekin qulupnay va qaymoq bir-biriga juda mos tushadi.

Yana qulupnay o‘rniga malinadan murabbo tayyorlasa ham bo‘ladi.

rulet tayyor

Yoqimli ishtaha!!!

Blogdagi boshqa dessertlarni ham albatta ko’zdan kechiring. Masalan Tres Leches nomli tort tayyorlab ko’ring.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com