Bu hindcha taom Hindistoning shimolida yashaydigan musulmon aholisi tomonidan uzoq yillardan beri tayyorlanib kelinadi. Hozirda tovuqli bryani dunyoning ko‘p joylarida jumladan Britaniya, AQSH, Pakiston va ko‘p arab mamlakatlarida tayyorlanadi. Juda mazali taom.
Kerakli mahsulotlar (5-6 portsiya uchun):
- 400 gr basmati guruchi
- 1 kg atrofida tovuq go‘shti (terisiz)
- 2 dona piyoz
- 1 dona pomidor
- 4-5 dona chesnok tishi
- 50 gr zanjabil
- 3-4 osh qoshiq o‘simlik yog‘i
- 5-6 qoshiq qatiq
- 1-2 ta butun qalampir (xohishga qarab)
- 2 dona kartoshka
- Ziravorlar: zira, paprika, achchiq qalampir maydasi, kukurma, dolchin, lavr bargi, kashnich urug‘i
Avval tovuqli bryani uchun go‘shtni tuzlab qo‘yamiz. Buning uchun katta-katta bo‘lingan go‘shtning ustiga qatiq, 1 choy qoshiq kukurma, 1 choy qoshiq zira kukuni, 1 choy qoshiq paprika, ta’bga qarab qalampir qo‘shamiz. Qirg‘ichdan o‘tkazilgan chesnok va zanjabilning yarmini qo‘shamiz. Hammasini aralashtirib, go‘shtni kamida 30 minutga tuzlab olamiz (bir kun oldin tayyorlab qo‘ysak ham bo‘ladi).
Endi qozonga yog‘ni quyamiz a yarim uzuk qilib to‘rg‘algan piyozning bittasini baland olovda qizartirb olamiz. Uni suzib olib, bir chetga surib qo‘yamiz, bu piyoz bizga oxirida kerak bo‘ladi.
Keyin qozonga lavr bargi va qalampirni soling (men qalampir qo‘shmadim). Men dolchin cho‘pidan foydalanganim uchun uni ham boshida qozonga soldim.
Keyin piyozning qolgan qismini soling va biroz qo‘g‘iring. Ustiga qirg‘ichdan o‘tkazilgan zanjabil va chesnokning qolgan qismini ham soling.
Ularning ustiga mayda to‘rg‘algan pomidorni soling. Yana xohlasangiz dolchin, zira, qalampir, murch, kashnich urug‘i maydasidan qo‘shing.
Endi tuzlangan go‘shtni ham soling va qo‘g‘irishda davom eting. Odatda tovuq go‘shti 20-25 minut davomida pishadi. Ora-orada go‘shtni aralashtirib turing.
Go‘sht pishguncha guruchni yaxshilab sovuq suvda yuving va tuzli qaynab turgan suvga solib yarim pishirib oling. Guruch qaynab chiqqach uni o‘rtacha olovda 5 minut davomida qaynating. Keyin uning suvini to‘kib yuboring.
Bu orada tovuq go‘shti ham pishib qoladi. Endi uni bitta idishga olib turing.
Qozonning eng tubiga po‘chog‘i archilgan va 3×3 sm qilib bo‘lingan kartoshkani soling. Keyin uning ustiga go‘shtning bir qismini tering va ustiga guruchning yarmini soling.
Guruchning ustiga go‘shtning qolgan qismi va uning ustiga esa guruchning qolgan yarmini soling. Eng tepasiga birinchi qo‘g‘irib olingan piyozni soling.
Qozonning ustiga oldin sochiq, tepasidan qopqoq yoping.
Endi buni oldin o‘rtacha olovda 6-7 minut atrofida dimlang. Keyin olovni pasaytirib, bryanini 35 minut davomida dimlang. Bu orada kartoshka va guruch to‘la pishib chiqadi.
Vaqt o‘tgach qozonning ustini oching va eng tepasidagi piyozni alohida idishga solib turing. Endi guruchni yaxshilab aralashtirib oling.
Ovqat tayyor. Uni issiqligida katta idishga solib dasturxonga qatiq bilan birgalikda torting. Eng tepasiga qizartirilgan piyoz va xohishga qarab ozgina bodom sepish mumkin.
E’tibor qiling:
Guruchni birinchi qaynatayotganda uni uzoq qaynatib yubormang, bo‘lmasa u pishib qoladi.
Bryanini ta’bga qarab achchiqroq qilib tayyorlash mumkin.
Men suyaksiz tovuq go‘shtidan tayyorladim, lekin suyakli tovuq go‘shtidan ham tayyorlasa bo‘ladi. Yoki qo‘y go‘shti ham ishlatish mumkin.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogda yana boshqa hind taomlarining retseptini ham topasiz.
Veb sahifa: www.juvajon.com