You are currently viewing Yangi yil pechenyelari va uni bezash

Yangi yil pechenyelari va uni bezash

Yangi yil pechenyelari yilning  har qanday paytida dasturxonning ko‘rki va bolalarning quvonchi bo‘ladi. Lekin uni ko‘proq yangi yil bayrami oldidan tayyorlanadi. Men ham quyida sizlarni o‘zimning farzandlarim bilan tayyorlaydigan retsept bilan tanishtiraman. Yangi yil pechenyelari bezaksiz ham mazali bo‘ladi. Retseptga to‘la amal qilsangiz, uni muvaffaqiyatli chiqishiga kafolat beraman.

Kerakli mahsulotlar (30-40 ta pechenye uchun, donasi qoliplarning razmeriga bog‘liq)

  • 200 gr sariyog‘ yoki margarin
  • 230 gr shakar
  • 2-3 dona tuxum (hajmiga qarab)
  • 350 gr un
  • 1 choy qoshiq razrixlitel
  • Ozgina vanillin
  • 1 choy qoshiq tuz

Royal ising uchun (bezash uchun)

  • 2 dona tuxum oqi
  • 400 gr shakar kukuni
  • 1 choy qoshiq limon sharbati
  • 1-2 osh qoshiq sut (kerak bo‘lsa)

Yangi yil pechenyelari uchun xamir qorish va pishirish

Idishda un, tuz, razrixlitel va shakarni aralashtirib oling. Keyin ustiga sariyog‘ni soling va ‘pesok’ qiling. Sariyog‘‘ va un yaxshi aralashsin.

Yangi yil pechenyelari uchun xamir tayyorlash

Endi uning ustiga aralashtirilgan tuxumlarni va vanillinni qo‘shib xamir qoring. Xamirga ortiqcha ishlov berib yubormang, lekin u bir-biriga yopishish kerak.

Yangi yil pechenyelari uchun xamir

Xamirni ikki yoki uchga bo‘lib, o‘rab xolodilnikda 3 soat davomida tindiring. Kechasi bilan ham qoldirish mumkin.

Yangi yil pechenyelari uchun xamir

Endi tingan va sovigan xamirni bittasini oling va aylana shaklda yoyib oling.

Bolalar bilan pechenye  tayyorlash

Undan o‘zingiz xohlagan shakllarni maxsus qolip yoki stakan yordamida chiqaring.

Bolalar bilan pechenye  tayyorlash

Pechenyelarni listga tering. Ortgan xamirni yana dumaloqlab, xolodilnikka qo‘yib turing.

Yangi yil pechenyelarni 160⁰Cda qizib turgan duxovkada 12-13 minut davomida pishiring. Ularning usti juda och tilla rangda bo‘lishi kerak.

Yangi yil pechenyelarni
Yangi yil pechenyelarni

Bu orada xamirning qolgan qismini tayyorlab turing. Pechenyelar duxovkaga solinishidan oldin, muzdek bo‘lgani ma’qul. Shuning uchun ularni pishirishdan oldin xolodilnikda yoki qish oylarida tashqarida saqlang. Issiq oshxonada qoldirmang.

Pishib chiqqan yangi yil pechenyelarini 3 minut atrofida listda qoldirib, keyin ehtiyotkorlik bilan qolipdan chiqaring va to‘la soviting. Ular dasturxonga tortish uchun tayyor. Lekin xohishga qarab, ularning ustini bezash mumkin.

Yangi yil pechenyelarini bezash uchun royal ising (royal icing) tayyorlash

Buning uchun ikkita tuxum oqini issiqqa chidamli idishga soling.

Keyin boshqa kattaroq qozonchaga suv quying. Qozonchani olovga qo‘ying. Uning ustiga tuxum oqi solingan idishni qo‘ying. Tuxum oqi solingan idishni tubi suvga tegmasin, shuning uchun qozonchaga ko‘p suv quymang.

Endi tuxum oqini tinmay aralashtirib ilitib oling. Bu jarayon tuxum oqidagi mikroblarni yo‘qotadi (agar bo‘lsa) va uni xavfsiz holatga olib keladi. Bu jarayonda suv qattiq qaynamasligi kerak. Xullas tuxum oqi pishib qolmasligi kerak.

Tuxum oqi

Xom tuxum oqi ishlatishni xohlamaganlar tuxum oqi qurug‘idan ishlatish mumkin. Quyida men o‘zim ko‘p ishlatadigan turini rasmi bor. Uni yo‘llanmasiga qarab tayyorlash kerak va keyin xuddi tuxum oqi ishlatilgandek ishlatiladi. Lekin shuni aytish kerakki qurutilgan tuxum oqidan ko‘ra, yangi tuxum oqi bilan ishlash ancha osonroq.

Quritilgan tuxum oqi

Endi tuxum oqini mikser yoki venchik yordamida u oppoq bo‘lguncha ko‘piritirib oling.

Yangi yil pechenyelari uchun royal ising tayyorlash

Keyin shakar kukunini 5-6 ga bo‘lib soling. Limon sharbatini ham qo‘shing. Eng oxirda agar kerak bo‘lsa ozgina sut quying.

Yangi yil pechenyelari uchun royal ising tayyorlash

Lekin sutni ko‘p quyib yubormang, bo‘lmasa royal ising suyuq bo‘lib ketadi.

Yangi yil pechenyelari uchun royal ising tayyorlash

Royal ising ishlatish uchun tayyor. Unga iste’molga yaroqli ranglar ham qo‘shish mumkin. Biz ranglar ham qo‘shdik. Royal isingni qandolat qopiga quying. Buning eng oson yo‘li qopni bo‘sh stakaning ichiga solib, keyin isingni keragicha quyish.

Yangi yil pechenyelari uchun royal ising tayyorlash

Endi yangi yil pechenyelarini o‘zingiz xohlagandek bezang. Ular a’lo darajada bo‘lishi shart emas, muhimi bolalar va kattalar o‘z fantaziyasidan foydalanishi.

Yangi yil pechenyelari

Bezatilgan pechenyelarni tekis yuzaga quritish uchun yoyib qo‘ying. Agar ikki yoki uch xil rang bilan bezamoqchi bo‘lsangiz, oldin birinchi surkalgan royal ising qurishini kuting va keyin ikkinchi va uchinchi ranglar bilan bezating.

Agar isingning ustiga qandolat mahsulotlari sepmoqchi bo‘lsangiz unda ising qurimasdan oldin seping.

Tayyor yangi yil pechenyelarini dasturxonga torting. Bu pechenyelar sovg‘a uchun ham juda mis tushadi.

E’tibor qiling:

Bu pechenyelarni eritilgan shokolad bilan ham bezash mumkin.

Bu pechenyelar usti yopiq idishda uzoq vaqt yaxshi saqlanadi.

Xamirga ortiqcha un solib yubormang, yoki unga ortiqcha ishlov ham bermang. Bo‘lmasa ular mayin chiqmaydi.

Agar qandolat qopi yo‘q bo‘lsa oddiy sellofan paketdan ham foydalinish mumkin.

Yangi yil pechenyelarni

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda zanjabilli pechenyelarning retseptini ham ko‘ring.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com