Yopishqoq bulochkalar Yevropada o‘rta asrlardan beri (V-XV) tayyorlanadi. Bu bulochkalar juda yumshoq a mazali bo‘ladi. Ular odatda nonushta yoki kunduzgi choyga yeyiladi.
Kerakli mahsulotlar (15dona uchun):
Xamir uchun:
- 500 gr un
- 350 ml sut
- 50 gr shakar
- 7 gr xamirturush (droja)
- 1 choy qoshiq tuz
- 100 gr eritilgan margarin yoki sariyog‘
- 1 dona tuxum
Ichiga sepish uchun:
- 30 gr jigarrang shakar (yo‘q bo‘lsa oddiy shakar)
- 1 osh qoshiq dolchin maydasi (корица)
- 1 osh qoshiq margarin yoki sariyog‘
Ustiga:
- 100 gr jigarrang shakar (yo‘q bo‘lsa oddiy shakar)
- 30 gr oq shakar
- 100 gr pekan yong‘og‘i (yo‘q bo‘lsa oddiy grek yong‘og‘i)
- 50 gr eritilgan sariyog‘ yoki margarin
Yopishqoq bulochkalar uchun xamir qorish
Idishda iliq sut, xamirturush va shakarni aralashtirib oling va besh minut tindiring. Keyin ustiga eritilgan sariyog‘ va tuxumni soling (tuxumni oldin idishchada aralashtirib olib, keyin qo‘shing).
Endi tuz va unning bir qismini solib xamir qoring.
Keyin unning qolgan qismini soling va yumshoq (qo‘lga yopishadigan) xamir qoring. Xamir yumshoq bo‘lganligi uchun unga laganning o‘zida ishlov bering. Xamirning ustini o‘rab bir soat oshiring. Men odatda bu bulochkalarni nonushtaga qilaman va xamirni xolodilnikda 7-8 soat davomida oshiraman.
Yopishqoq bulochkalar uchun karamel tayyorlash
Xamir oshib chiqqunicha listni tayyorlab olamiz. Buning uchun eritilgan 50 gr sariyog‘ga shakarni aralashtiramiz.
Uni listga quyamiz va ustiga tovada sal qizdirib olingan maydalangan yong‘oqlarni solamiz.
Yopishqoq bulochkalarni tugish va pishirish
Endi oshib chiqqan xamirni olib uni 40×30 sm atrofida un sepilgan stolning ustida yoyib olamiz. Xamirni qo‘l bilan yoyishga harakat qiling, qiyin bo‘lsa keyin juva ishlating.
Yoyilgan xamirning ustiga margarin surkang va ustiga shakar va dolchin maydasini seping.
Xamirni bir tomonidan rulet qilib o‘rang. Xamir yopishqoq bo‘ladi, shuning uchun barmoqlaringizni unlab oling.
Keyin 4 sm qalinlikda diagonal yo‘nalishda bo‘lib oling. Men 15ga bo‘ldim.
Endi bulochkalarni chiroyliroq tomonini pastga qaratib listga terib chiqing. Bulochkalarning orasida ozgina joy qoldiring. Bularning ustini o‘rab, 1 soat oshiring.
Bir soat o‘tgach yoki bulochkalar ikki barobar oshib chiqqach, ularni 180°Cda qizib turgan duxovkada 30 minut davomida pishiring.
Pishib chiqqan bulochkalarni besh minut tindiring. Besh minut o‘tgach ularni katta idishga ontaring va bir minut shu holatda qoldiring. Hamma karameli oqib olishi uchun.
Endi yopishqoq bulochkalarni iliqligida dasturxonga choy yoki kofe bilan torting.
E’tibor qiling:
Yopishqoqbulochkalarning xamiri yumshoq bo‘lishi kerak, shuning uchun unni ikkiga bo‘lib soling. Un ko‘p bo‘lib ketmasin, bo‘lmasa bulochkalar mayin bo‘lmaydi.
Odatda bu retseptga pekan yong‘og‘i ishlatiladi. Lekin oddiy grek yong‘og‘i ishlatsa ham bo‘ladi.
Xamirni yoyishda qo‘l ishlatilsa uning ichidagi havo ko‘proq ushlanib qoladi va bu bulochkalarning yana ham ko‘tarilishiga yordam beradi.
Pishgan yopishqoq bulochkalarni qolipda uzoq qoldirmang, bo‘lmasa qolipning tubidagi shakar qotib, bulochkalarni chiqarish qiyin bo‘lib qoladi. Shuning uchun faqat besh minut soviting.
Bu bulochkalarni shisha yoki keramikali qolipda ham pishirish mumkin, lekin metal qolipda yaxshiroq chiqadi.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogda boshqa mazali bulochkalarning retseptini ham topasiz. Masalan, sinabon bulochkasi yoki kruassan.
Veb sahifa: www.juvajon.com