Belyashi tayyorashning har xil retsepti bor. Men sizlarga klassik belyashining retseptini taqdim qilyapman.
Kerakli mahsulotlar (25 dona uchun):
Xamir uchun
- 500ml sut
- 600gr un
- 1 dona tuxum
- 10 gr xamirturush
- 7 gr shakar ( 1choy qoshiq to‘ldir)
- 7gr tuz
- 2 osh qoshiq eritilgan sariyog‘ yoki o‘simlik yog‘i
Qiymasiga
- 500 gr mol go‘shtining qiymasi
- 1 dona piyoz
- Ziravorlar: zira, murch va tuz
Qo‘g‘irish uchun 1 l yog‘.
Bitta laganda iliq sut va shakarni aralashtirib 3-4 minut tindiramiz.
Endi uning ustiga tuxum va yog‘ni solamiz.
Keyin elangan un va tuzni solib yumshoq xamir qoramiz. Bu xamir qo‘lga yopishadigan bo‘ladi, shuning uchun stolning ustiga ozgina un sepib, xamirni qo‘yib olamiz va yaxshilab ishlov beramiz. Keyin katta zuvala qilib, xamirning ustiga yog‘ surkab ustini o‘raymiz. 45-60 minut iliq joyda oshiramiz.
Ungacha qiymani, qirg‘ichdan o‘tkazilgan piyozni, zira, tuz va murchni aralashtiramiz. Qiymani xona haroratida qoldiramiz. Esingizda bo‘lsin xamirturush muzdekni yoqtirmaydi.
Bu xamir oshib chiqqach, ishlashga juda ham yoqimli xamir bo‘ladi. Uni yog‘langan stolning ustiga olib mayda zuvalachalarga bo‘lamiz. Men 25 ga bo‘ldim.
Keyin zuvalachalarning ustini o‘rab yana 5 minut atrofida tindiramiz.
Endi zuvalachalarni bittadan olib yoyib olamiz. Men odatda 6 ta zuvalachani yoyib olaman.
Ularning ustiga yarim osh qoshiqdan quymani yapaloqroq qilib solamiz.
Ularni tugamiz va o‘rtasida bosh barmoq kattaligida teshik qoldiramiz.
Keyin ustini o‘rab yana 8-10 minut tindiramiz.
Endi 1l yog‘ni chuqurroq tovaga solib qizdiramiz va qizigach 6 dona belyashini ochiq tomonini pastga qilib solamiz.
Ochiq tomoni qizargach, ularni to‘ntarib orqa tomonini ham qizartiramiz.
Tovadagi qaynoq yog‘dan qoshiqda olib, belyashilarning ochiq joyidan quyib turamiz. Bu qiymaning pishishiga yordam beradi. Odatda bir tomoni 2.5 minut pishadi, ya’ni ikkala tomoniga 5 minut ketadi.
Endi pishgan belyashilarning yog‘ini sekin silkitib tovadan chiqaramiz. Qog‘oz sochiq yoki salfetkaning ustiga qo‘yilsa ortqicha yog‘i tortib olinadi.
Shunday qilib belyashilarni hammasini pishirib olamiz. Agar yog‘ ozayib ketsa, yana ustiga quyib oling.
Belyashi dasturxonga tortishga tayyor.
E’tibor qiling:
Xamirga ko‘p un solib yubormang, bo‘lmasa belyashilar qattiqroq bo‘lib qoladi.
Olovni o‘rtacha qiling, baland bo‘lsa qiyma pishmay qolishi mumkin, past bo‘lsa belyashilar yaxshi ko‘tarilmay qoladi.
Belyashilarni chugishda albatta bitta barmoq sig‘adigan teshik qoldiring, bo‘lmasa ichiga yetarli yog‘ kirmaydi. Teshik o‘ta katta bo‘lsa u ochilib qiyma chiqib ketishi mumkin.
Qiyma muzdek bo‘lmasin, bo‘lmasa belyashi yaxshi ko‘tarilmaydi.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogda yana boshqa qiymali taomlar retseptlari bor, masalan Qiymali Pide va Lahmakun.
Veb sahifa: www.juvajon.com