You are currently viewing Shakshuka – yana bir yaqin sharqdan sog‘lom taom

Shakshuka – yana bir yaqin sharqdan sog‘lom taom

Shakshuka yaqin sharqda uzoq asrlardan beri tayyorlanib keladigan taom. U tezda tayyor bo‘ladigan foydali va mazali nonushta yoki tushlik.  Shakshuka kechki ovqatga ham yengilroq taom sifatida berilishi mumkin.

Kerakli mahsulotlar (4 portsiya uchun):

  • 6 dona tuxum
  • 2-3 dona yaxshi yetilgan pomidor, yoki shu miqdorga teng konservalangani
  • 1 dona bulg‘or qalampiri
  • 1 dona piyoz
  • Yarim bog‘ kashnich
  • Yarim bog‘ petrushka (xohishga qarab)
  • 1 dona qalampir (xohishga qarab)
  • 2 dona chesnok tishi
  •  
  • 1 osh qoshiq zaytun (olivka) yog‘i

Ziravorlar: zira maydasi, paprika, murch va tuz

Tovada yog‘ni sal qiziting (esda tuting zaytun yog‘ini ko‘p qizitib bo‘lmaydi) va unga mayda kubik qilib to‘rg‘algan piyozni va chesnokni soling.

Piyoz yumshagach uning ustiga mayda to‘rg‘algan bulg‘or qalampiri va achchiq qalampirni soling.

Shakshuka tayyorlash

Endi ziravorlarni ham soling.

Shakshuka tayyorlash

Keyin to‘rg‘algan pomidorlarni ham soling. Biroz pishiring. To‘rg‘algan kashnichning bir qismini ham qo‘shing.

Shakshuka tayyorlash

Keyin qoshiq yordamida tovada tuxumga joy qilib (rasmga qarang) bitta-bitta tuxumlarni chaqing. Ozgina tuz va murch seping. Qopqog‘ini biroz muddatga yoping.

Shakshuka tayyorlash

Olovni o‘chirishdan oldin kashnichning qolganini seping.

Endi olovni o‘chirib shakshukani dasturxonga yumshoq non bilan torting. Odatda shakshuka tova bilan birgalikda dasturxonga qo‘yiladi.

E’tibor qiling:

Shakshuka achchiq emas, lekin qalampirning yengil ta’mi keladigan taom.

Tuxumning sarig‘ini qanchalik pishirish ta’bga bog‘liq.

Yana ta’bga qarab zaytun donalaridan ham qo‘shsa bo‘ladi.

Shakshuka

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda yana boshqa yaqin sharq mamlakatlarining retseptini ham topasiz. Masalan, mousakka, yoki kakao va sutli tort.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com