You are currently viewing Yasmiqli salat (салат из чечевицы)

Yasmiqli salat (салат из чечевицы)

Yasmiqli salat oqsilga va vitaminlarga boy salatdir. U ovqat o‘rnini bosadi va uzoq vaqt qorinni to‘q tutadi. Oson va sog‘lom retsept.

Kerakli mahsulotlar (8-10 portsiya uchun):

  • 350 gr yasmiq (чечевица)
  • 1-2 dona bulg‘or qalampiri
  • 2 dona pomidor
  • 2-3 dona bodring
  • Yarim bosh ukrop
  • Yarim bosh petrushka
  • 1.5 limonning sharbati
  • 30 ml atrofida zaytun yog‘i
  • Tuz va murch

Yasmiqni salat uchun pishirish

Avval 30 minut ivitilgan yasmiqni sovuq suvga solib yumshaguncha pishirib oling. Yasmiq yumshagandan so‘ng tuz soling va yasmiq pishguncha qaynatishda davom eting. Yasmiq pishgach, uning suvini to‘kib oling.

Yasmiq (чечевицы)

Endi sabzavotlarni tayyorlab oling. Ularning hammasini mayda kvadrat qilib to‘rg‘ab oling. Petrushka va ukropni maydalab to‘rg‘ang.

Yasmiqli salat uchun mahsulotlar
sabzavotlar

Limonning sharbati, yog‘ va murchni qopqoqli idishchada 1 minut davomida silkiting, sous quyuqlashadi.

Yasmiqli salat uchun mahsulotlar

Endi hamma narsani pishgan va sal sovigan yasmiqning ustiga soling. Salatni yaxshilab aralashtiring. Ta’bga qarab tuz soling.

Yasmiqli salat

Yasmiqli salat tayyor, uni darrov yoki keyinroq dasturxonga torting.

E’tibor qiling:

Yasmiqni pishirishdan oldin ivitish shart emas, faqat ivitilsa u tezroq pishadi. Asosiysi yasmiq yumshagach keyin tuz solish kerak.

Yasmiqli salat xolodilnikda 2 kungacha yaxshi saqlanadi.

Xohlasangiz pomidor va bodring urug‘ini olib tashlab, keyin salatga soling, ularning suvi salatga kamroq chiqadi. Men bunday qilmadim, shuning uchun salat suvliroq bo‘ldi.

Yasmiqli salat

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda yana boshqa sog‘lom salatlarning retseptini topasiz. Masalan, kuskus salat yoki kinva salat.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com