O‘rama bo‘rak Turkiya va Balkon orollarida tayyorlanadi. Uning turlari juda ko‘p. Uni fillo yoki yupqa xamiridan tayyorlash mumkin. Aytishlaricha aslida bo‘rak Markaziy Osiyoda yashagan Turk aholisi tomonidan yaratilgan.
Kerakli mahsulotlar (35smli o‘rama bo‘rak uchun):
- 300 ml iliq suv
- 400 gr atrofida un
- 1 dona tuxum
- 50-80 gr atrofida margarin
- 1 osh qoshiq o‘simlik yog‘i
- Tuz
Qiymasi uchun
- 500 gr mo‘l go‘shtining qiymasi
- 2 dona piyoz
- 1 osh qoshiq zaytun yog‘i
- 2 dona bulg‘or qalampiri
- 2 hovuch ismaloq
- Ziravorlar: Kashnich urug‘i, zira. bulg‘or qalampir maydasi, murch va tuz
- 1 dona tuxum sarig‘i (ustiga surkash uchun)
- Sedana va kunjut urug‘i (xohishga qarab)
O‘rama bo‘rak uchun xamir qorish
Buning uchun idishda un va tuzni aralashtirib oling. Boshqa idishda o‘simlik yog‘i, suv va tuxumni aralashtirib oling.
Endi suyuq aralashmani uning ustiga quyib yumshoq xamir qoring. Xamirga silliq bo‘lguncha ishlov bering. O‘rma bo‘rakning xamiri somsaning xamiridan yumshoq bo‘ladi.
Endi xamirni 20-30 minut davomida tindiring. Ungacha qiymani tayyorlab turing.
O‘rma bo‘rak uchun qiyma tayyorlash
Tovaga zaytun yog‘ini quying. Keyin uning ustiga go‘shtni soling va qo‘g‘iring. Go‘shtni suvi chiqib, tortilgach uning ustiga mayda to‘rg‘algan bulg‘or qalampiri va piyozni qo‘shing.
Ziravorlarni seping. Go‘sht va sabzavotlar yumshab pishguncha pishiring.
Ular pishgach ismaloqni ham soling. Bir-ikki aralashtiring. Keyin olovni o‘chiring va qiymani sovishi uchun bir chetga surib qo‘ying.
O‘rama bo‘rakni tugish
Yana xamir bilan ishlashga qayting. Xamirni 5-6 ta zuvalaga bo‘ling. Men beshga bo‘ldim. Keyin ularning yumshoq sariyog‘ni surkang. Yana xamirni besh minut tindiring.
Endi bitta zuvalani olib yog‘langan qo‘l bilan yog‘langan stolning ustida yupqa qilib yoying. Xamir yumshoq bo‘lgani uchun uni yoyish oson bo‘ladi.
Keyin yoyilgan xamirning bir chetiga qiymaning 1/5ni soling. Xamirni rulet qilib o‘rang. Rasmga qarang.
Bu ruletni sallaga o‘xshatib o‘rab yog‘langan listga qo‘ying. Xamirning qolganlarini ham shunday qilib yoyib, o‘rab oling. Keyingi ruletni birinchi ruletning chekkasidan boshlab o‘rang.
Hamma ruletni o‘rab bo‘lgach o‘rama bo‘rakning ustiga tuxum sarig‘i surkab oling. Yana xohishga qarab sedana kunjut urug‘idan seping.
O‘rama bo‘raknini 210⁰C da qizib turgan duxovkada 30-35 minut atrofida pishirib oling.
O‘rama bo‘rak pishgach, uni issiqligida dasturxonga torting.
E’tibor qiling:
O‘rma bo‘rak uchun xamir yumshoq bo‘lishi muhim. Bo‘lmasa xamirni qo‘l bilan yoyish qiyin bo‘ladi.
Qiymani xamirning ustiga solishdan oldin, uni albatta xona haroratida sovitib oling. Bo‘lmasa xamir ivib qoladi.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogda yana boshqa ismaloq solib tayyorlanadigan xamirli taomlarning retseptini ham topasiz. Masalan, grekcha pirogi yoki Afg‘oncha bo‘lani.
Veb sahifa: www.juvajon.com