You are currently viewing Medovik torti (Klassik turi)

Medovik torti (Klassik turi)

Medovik tortining retseptlari juda ko‘p. Hammasi o‘ziga yarasha mazali va qiziq. Bugun sizlarni klassik medovik tortining retsepti bilan tanishtiraman. Retseptga amal qilsangiz, bu tort o‘xshab chiqishiga ishonchim komil.

Kerakli mahsulotlar (27 smli tort uchun):

Xamiriga:

  • 100 gr sariyog‘ yoki margarin
  • 3 dona tuxum
  • 100 gr shakar
  • Bir chimdim tuz
  • 1 choy qoshiq ichimlik sodasi
  • 180 gr asal
  • 480 gr atrofida un

Kremi uchun:

  • 1 litr yog‘Ii smetana (Men 700 ml smetana va 300 ml suyuq qaymoqni aralashtirdim)
  • 230 gr shakar kukuni
  • Ozgina vanillin
  • 300 gr qaymoq (bezash uchun, xohishga qarab)
  • 3 osh qoshiq shakar kukuni (bezash uchun)

Klassik medovik uchun xamir qorish va uni pishirish

Qozonchaga suv quying. Uning ustiga issiqqa chidamli idish qo‘ying. Tepadagi idishga sariyog‘, asal va shakarni soling.

Medovik torti tayyorlash

Hammasini eriting. Ular erigach, tuz va ichimlik sodasini ham qo‘shing.

Mahsulotlar yaxshi erigach, ularni olovdan oling. Aralashmani biroz soviting. Keyin tuxumlarni bitta-bitta chaqing va aralashtiring.

Medovik torti tayyorlash

Keyin unni 4 ga bo‘lib soling. Xamirni avval katta qoshiq bilan, keyin qo‘l bilan aralashtiring. Xamir yumshoq lekin qo‘lga yopishmaydigan bo‘ladi.

Medovik torti tayyorlash
Medovik torti tayyorlash

Keyin uni 10 yoki 11 bo‘lakka bo‘ling. Har bir bo‘lakni dumaloqlab oling. Ularning ustini o‘rang.

Medovik torti tayyorlash

Endi bitta bo‘lakni olib, uni yupqa doira shaklida yoyib oling. Xamirni selikon supra yoki fergament qog‘ozda yoyish oson bo‘ladi. Men fergament qog‘ozda yoydim va qog‘ozi bilan listga joyladim.

Yoyilgan xamirning ustini har joydan vilka bilan teshib oling. Keyin uni 180⁰C da qizib turgan duxovkada 3-4 minut atrofida pishiring. Uning usti och tilla rang bo‘lishi kerak.

Pishib chiqqan xamirni issiqligida birorta idishga moslab kesib oling. Men buning uchun tovaning qopqog‘idan foydalandim. Korjning chetlaridan chiqqan joyini ham bitta idishga to‘plab qo‘ying. Bu bizga keyinroq kerak bo‘ladi. Endi biroz sovigan korjni qog‘ozdan chiqarib oling va uni to‘la sovitishga olib qo‘ying.

Medovik torti tayyorlash

Xamirning qolgan qismini ham shu usulda pishirib oling. Odatda men bittasi pishgunicha ikkinchisini tayyorlab turaman. 12 dona korjni yoyib, pishirish uchun odatda 1 soat atrofida vaqt sarflayman. Har bitta xamir uchun alohida fergament qog‘ozi ishlatish shart emas. Men ikkita qog‘oz tayyorlab olaman va ularni qayta-qayta ishlataman. Odatda klassik medovikning xamiri qog‘ozga yopishmaydi.

Klassik medovik uchun krem tayyorlash.

Krem uchun smetana iloji boricha yog‘li bo‘lishi kerak. Men 700 ml smetana va 300 ml suyuq qaymoqni aralashtirdim.

Smetananing ustiga shakar kukunini qo‘shing. Men 230 gr shakar kukuni ishlatdim, chunki men kremni biroz shirinroq bo‘lishini yoqtiraman. Lekin xohishga qarab 180-200 gr atrofida shakar kukuni solish mumkin. Smetananing ustiga vanillini ham qo‘shing. Hammasini biroz venchik bilan aralashtiring. Mikser ishlatish shart emas. Smetanali krem qaymoqli kremdan ko‘ra suyuqroq bo‘ladi.

Medovik torti tayyorlash
Medovik torti tayyorlash

Endi tayyor kremni korjlarning ustiga surkab chiqing. Eng tagiga korj qo‘ying, Ustiga kremdan surkang. Keyin ikkinchi korjni qo‘ying unga ham kremdan surkang. Shunday davom eting. Kremni ko‘z chamalab, hamma qavatga teng surkab chiqing.

Medovik torti tayyorlash

Tayyor krem surkalgan medovikni ustini o‘rab/yopib 8 soatga xona haroratida qoldiring.

Vaqt o‘tgach tort yumshaydi. Uni ta’bga qarab bezatish mumkin. Men korjlarning chetidan chiqqan joyini blenderda maydalab oldim, juva yordamida ham maydalash mumkin. Keyin ularni tortning usti va yonboshiga sepib chiqdim. Tortning tepasini esa 300 ml qaymoq va 3 osh qoshiq shakar kukunini ko‘pirtirib bezadim. Mana bu linkda qaymoq ko‘pirtirishning to‘la retseptini topasiz.

Medovik torti

Klassik medovik torti tayyor. Uni dasturxonga tortish mumkin.

Medovik torti

E’tibor qiling:

Tortning xamiriga ko‘p un qo‘shib yubormang. Aks holda tortning xamirni qattiq bo‘lib qoladi.

Korjning chetlarini u issiqligida darrovda kesib olish kerak. Bo‘lmasa korj sovigach u qotadi va kesganda sinib ketadi. Xohlasangiz xamirni pishirishdan oldin kesib oling. Lekin men chetlari tekis chiqishi uchun pishgach keyin kesaman.

Bu tortga boshqa kremlardan ham foydalanish mumkin, lekin klassik medovik torti uchun odatda smetanili krem ishlatiladi.

Tortni bezab keyin 8 soat tindirish ham mumkin. Lekin men odatda oldin tindirib keyin bezayman. Tortni qachon bezash uning, mazasiga ta’sir qilmaydi.

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda medovikning boshqa retseptlarini ham topasiz. Yana blogda klassik va afg‘oncha napoleon tortining retseptlari ham bor.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com