You are currently viewing Fokachia (Focaccia) – italyancha non

Fokachia (Focaccia) – italyancha non

Fokachia noni Italiyaning eng mashhur noni bo‘lib, dunyoning ko‘p joylarida sevib is’temol qilinadi. Juda ham yumshoq va ajoyib ta’mli non. Odatda bu antipasto (ovqatning boshi) sifatida dasturxonga tortiladi va ko‘pchlikning uyida topiladigan mahsulotlardan tayyor bo‘ladi.

Kerakli mahsulotlar: (6-7 kishi uchun)

Xamir uchun:

  • 500 gr un
  • 325 ml iliq suv
  • 7 gr xamirturush (droja)
  • 1 choy qoshiq shakar
  • 1 choy qoshiq tuz
  • 8-10 osh qoshiq atrofida zaytun (olivka) yog‘i
  • 1 osh qoshiq mannaya krupa

Ustiga qo‘ygani:

Fokachia nonining ustiga juda ham ko‘p narsa qo‘ysa bo‘ladi, masalan, yangi pomidor yoki qoqisi, zaytun donalari, chesnok, piyozning hamma xili, rayhon, pishgan kartoshka, qalampir va hokazo.

Xamir tayyorlash

Avvalo xamir qilamiz. Iliq suvga xamirturush va shakarni solib, 2 minut kuting.

Ungacha elangan unga tuzni solib aralashtiring.

Endi unning o‘rtasini ozgina chuqurcha qilib 3 qoshiq atrofida zaytun yog‘idan quying va uning ustiga xamirturushlik suvdan quyib qoshiq yordamida hamir qoring.

Bu hamir yumshoq bo‘lgani uchun rosa qo‘lga yopishadi, shuning uchun qoshiq ishlatish osonroq bo‘ladi.

Fokachia xamiri

Kerak bo‘lsa ozgina un qo‘shing. Qoshiq bilan aylantirish qiyin bo‘lib qolganda, qo‘lingizni va stolning ustini yo‘glab, xamirga qo‘l bilan silliq bo‘lgunicha ishlov bering.

Keyin idishni yog‘lab hamirni soling va ustini o‘rab 45 minut iliq joyga oshirgani qo‘ying.

Fokachia xamirini ko'pirtiramiz

45 minutdan so‘ng nonni pishirmoqchi bo‘lgan list/yoki qolipning tubini ozgina yog‘lab uning ustiga mannaya krupa seping (men 30sm x 20sm idish ishlatdim).

Endi bu idishga xamirni solib, rasmda ko‘rsatilganidek yoyib oling va yaxshilab yog‘langan barmoqlar bilan ustiga bosib chiqing (xamirning usti yog‘li bo‘lshi kerak).

Endi xamirning ustiga qo‘ymoqchi bo‘lgan hamma narsani terib chiqing.

Fokachia xamiri ustiga masalliq solamiz

Fokachia noni ustiga men bir qismiga zaytun mevalari va karamel piyoz soldim (qanday qilishni alohida pastda tushuntiraman), ikkinchi qismiga esa pomidor qoqisi va parraklangan chesnok qo‘ydim. Nonning ustiga ozgina tuz seping. Men dengiz tuzidan foydalandim, lekin oddiy osh tuzi ham bo‘laveradi. Endi xamirning ustini yana o‘rab iliq joyga 45 minutga olib qo‘ying.

Bu orada duxovkani 220C° ga qizdirib turing va ikkinchi marta oshib chiqqan nonni solib 20 minut pishiring, yoki och tilla rang bo‘lgunicha. Pishib chiqqan fokachiyaga issiqligida zaytun yog‘idan yaxshilab surkang, kamida 3-4 osh qoshiq. Non yog‘ni darrovda tortib oladi. Endi 10 minutcha tindirib dasturxonga torting.

Fokachia ustiga olivka yog'i

Karamel piyozni qilish: 2 dona yarim uzuk qilib to‘rg‘algan piyozni hech qanday yog‘siz isitilgan tovaga soling va biroz qo‘g‘iring.

Fokachia uchun karamel piyoz

Endi uning ustiga ozgina tuz va yarim choy qoshiq shakar solib piyozni qog‘irishni davom eting. Tez-tez aralashtirib turing. Piyoz och jiggarrang bo‘lganida karamel piyoz tayyor bo‘ladi. Uni darrov ishlatsa yoki holodilnikda saqlab bir necha kungacha ishlatsa bo‘laveradi.

E’tibot qiling:

Bu nonga ko‘p yog‘ solingani bilan, zaytun yog‘i odam uchun foydali.

Mannaya krupa sepilsa nonning tagi yaxshi qizarib pishadi.

Pomidor qoqini ishlatishdan oldin uyitib oling va keyin uni quritib nonga ishlating.

Fokachia
Fokachia tayyor

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda boshqa nonlar retseptlarini ham ko’ring. Masalan, italyancha Ciabata noni ham dunyoga eng keng tarqalgan nonlardan biridir.

Telegram kanalimizga ulaning