Do‘lmaning turlari juda ko‘p. Bugun uning italyancha vegetarian turi bilan tanishtiraman. Kuskus do‘lma mazali, sog‘lom va tayyorlashga oson taomdir. Marinara sousining ichida pishgan kuskus do‘lma juda mazali chiqadi.
Kerakli mahsulotlar (7-8portsiya uchun):
- 8 dona bulg‘or qalampiri
- 300 gr kuskus
- 2 dona piyoz
- 300 gr mozzarella pishlog‘i
- 20-30 gr parmazan pishlog‘i
- 3 dona chesnok tishi
- 1 dona sabzi
- 2 dona katta yoki 150 gr cherri pomidor
- 3 dona pomidor qoqi (xohishga qarab)
- 3 osh qoshiq zaytun yog‘i
- Ozgina rayhon
- 100 gr yashil loviya
Marinara sous uchun
- 6-7 dona yaxshi yetilib pishgan pomidor
- 2 dona piyoz
- 3 dona chesnok tishi
- Ozgina rayhon yangisi yoki quritilgani
- Yarim choy qoshiq oregano quritilgani
- Tuz, murch va shakar (ta’bga qarab)
- 1 osh qoshiq zaytun yog‘i
Kuskus do‘lma uchun marinara sousi tayyorlash
Buning uchun piyoz va chesnokni maydalab zaytun yog‘i bilan biroz qizartirib qo‘g‘irib oling. Keyin ularning ustiga mayda to‘rg‘algan pomidor, rayhon, oregano, tuz, murch va shakarni qo‘shing. 200 ml atrofida suv quying. Sousni 30 minut atrofida o‘rtacha olovda qaynating. Keyin olovni o‘chiring. Marinara sousi tayyor. Endi uni darrovda yoki keyinroq ishlatish mumkin.
Kuskus do‘lma uchun kuskusni tayyorlash
Buning uchun tovaga zaytun yog‘ini quying. Qizigan yog‘da piyozni qo‘g‘iring. Keyin uning ustiga mayda to‘rg‘algan chesnok, yashil loviya va qirg‘ichdan o‘tkazilgan sabzini qo‘shing.
Pomidor, rayhon va qoqini ham to‘rg‘ab soling.
Endi kuskusni soling va aralashtiring. Tuz va murch seping. Kuskusning ustini yopadigan darajada suv quying. Olovni darrovda o‘chirib tovaning ustini yoping.
5-8 minut orasida dam yediring. Bu orada kuskus yumshab pishadi. Aralashma biroz sovigach unga mozzarella pishlog‘ini mayda to‘rg‘ab soling. Pishloqning ozginasini do‘lmaning ustiga sepish uchun olib qo‘ying.
Kuskus do‘lmani tayyorlash
Bulg‘or qalampirlarini o‘rtasidan bo‘lib oling. Urug‘ini olib tashlang. Yuvilgan bulg‘or qalampirining ichini kuskusli aralashma bilan to‘ldiring.
Endi ularni tubiga marina sousi solingan issiqqa chidamli idishga terib chiqing. Men ikkita idishga sig‘dirdim. Do‘lmalarning ustiga qirg‘ichdan o‘tkazilgan mozzarella va parmazan pishlog‘idan seping.
Kuskus do‘lmani 180⁰Cda qizib turgan duxovkada 30 minut atrofida pishiring.
Do‘lma pishgach uni dasturxonga torting. Ta’bga qarab taomning ustiga rayhon sepish mumkin. Men do‘lmalarning yonida brokolli ham pishirdim va uni birgalikda dasturxonga tortdim.
E’tibor qiling:
Kuskusga ko‘p suv quyib yubormang, bo‘lmasa u lanj bo‘lib qoladi.
Mozarella pishlog‘ining o‘rniga feta pishlog’idan ham solish mumkin.
Yoki umuman pishloqsiz tayyorlash mumkin. Unda albatta pishgan no‘xat qo‘shing (vegan turi uchun).
Yana kuskus do‘lma uchun zaytun donalaridan qo‘shish mumkin.
Bu taom xolodilnikda juda yaxshi saqlanadi va hatto muzlatish ham mumkin.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogda kuskus salatining retseptini ham topasiz. Yana boshqa sog‘lom go‘shtsiz taomlarning retseptlari ham bor.
Veb sahifa: www.juvajon.com