You are currently viewing No‘xatli salat – Yaqin Sharq usulida

No‘xatli salat – Yaqin Sharq usulida

No‘xatli salat tez tayyor bo‘ladigan, mazali va sog‘lom salatdir. U oqsil, vitamin va minerallarga boyligi sababli bemalol ovqat o‘rnini bosadi. Uni garnir sifatida ham dasturxonga tortish mumkin. No‘xatli salat tushlik uchun juda mos tushadi. Oson va sog‘lom vegetarian retsept.

Kerakli mahsulotlar (4 portsiya uchun):

  • 450 gr pishgan no‘xat
  • 2 dona bodring
  • 3-4 dona ko‘k piyoz
  • 2 dona pomidor
  • Yarim bog‘ kashnich yoki petrushka
  • 250 gr feta pishlog‘i
  • Ozgina oregano
  • Tuz va murch

No‘xatli salat sousi uchun

  • Yarimta limonning sharbati
  • 2 osh qoshiq zaytun yog‘i
  • 0.5 choy qoshiq asal
No‘xatli salat uchun kerakli mahsulotlar

No‘xatni uyda pishirish yoki tayyor pishganidan foydalanish mumkin. Men bugun tayyoridan foydalandim. Agar sizda hom no‘xat bo‘lsa uni kamida 6 soatga ivitib qo‘ying. Keyin esa chayyib tashlab sovuq suvga solib pishiring. No‘xat pishgach tuz soling.

Suvi to‘kib tashlangan no‘xatni idishga soling. Keyin maydaroq to‘rg‘algan bodring, pomidor, ko‘k piyozni uning ustiga soling. Kashnichni ham to‘rg‘ab soling. Ozgina oregano, tuz va murch seping.

No‘xatli salat tayyorlash
No‘xatli salat tayyorlash

Idishda limonning sharbati, asal va zaytun yog‘ini aralashtirib oling. Sousni no‘xatli salatning ustiga quying.

limon va zaytun yog'i

Salatni aralashtirib oling. Eng oxirida esa feta pishlog‘ini bo‘lib soling.

No‘xatli salat tayyor. Uni dasturxonga torting.

E’tibor qiling:

No‘xatli satlat xolodilnikda 2-3 kungacha yaxshi saqlanadi.

No‘xatli salat

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda yana boshqa sog‘lom va mazali salatlarning retseptini hma topasiz. Masalan, yasmiqli salat yoki kuskus salat.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com