Tovuqli chili taomining vatani Nepal hisoblanadi. Men bu taomni birinchi marta Nepallik do‘stlarimizdan o‘rganganman. Shundan beri men ham tovuqli chilli tayyorlayman. Tovuqli chili sog‘lom, mazali va tezda tayyorlanadigan taomdir.
Kerakli mahsulotlar (4 portsiya uchun):
- 1 kg tovuq go‘shti (lahm ko‘krak yoki son qismi)
- 2 dona bulg‘or qalampiri
- 2 dona qizil (siyoh rang) piyoz
- 3-4 dona chesnok tishi
- 50 ml atrofida o‘simlik yog‘i
- 4 dona ko‘k piyoz
- 3 osh qoshiq ketchup
- 2 osh qoshiq shirin va achchiq chilli sousi (yo‘q bo‘lsa boshqa achchiqroq qizil sous va ozgina shakar)
- 3 osh qoshiq soya sousi
- Ozgina qalampir
Tuzlamasi uchun:
- 3 osh qoshiq un
- 1 osh qoshiq kraxmal
- 1 osh qoshiqdan ezilgan chesnok va zanjabil
- Ozgina qalampir qurug‘i
- Kashnich urug‘i
- Tuz
Tovuq go‘shtini 2×3 sm atrofida kesib oling. Keyin uning ustiga un, kraxmal, tuz, kashnich urug‘i, ezilgan chesnok va zanjabilni qo‘shing. Hammasini qo‘l bilan aralashtiring.

Tovaga yog‘ni quying. Unga go‘shtni oz-ozdan solib, qizartirib pishirib oling.

Pishgan go‘shtni tarelkaga solib turing. Idishda soya sousi, ketchup va shirin va achchiq chili sousini aralashtirib oling.
Endi toza tovaga 1 osh qoshiq o‘simlik yog‘ini quying. Unga to‘rg‘algan chesnok va qalampirni qo‘shing. Chesnokni hidi chiqa boshlashi bilan katta-katta to’rg’algan piyoz va bulg‘or qalampirini qo‘shing.


Keyin ularning ustiga sousni qo‘shing. Pishgan tovuq go‘shti va to‘rg‘algan ko‘k piyozni ham qo‘shing. Hammasini yaxshilab aralashtiring.


Tovuqli chili tayyor, uni darrovda dasturxonga torting. Xohlasangiz uni lapsha yoki guruch bilan bering.

E’tibor qiling:
Tovuq go‘shtini tuzlamada uzoqroq vaqt ham qoldirish mumkin.
Tovuqli chiliga qalampirni ta’bga qarab soling.

Yoqimli ishtaha!!!
Blogda yana boshqa mazali tovuq go‘shtidan tayyorlanadigan taomlarning retseptini ham topasiz. Masalan, katsu karri yoki tovuqli gyros va tovuqli karri.
Veb sahifa: www.juvajon.com