You are currently viewing Xurmoli keks – sog‘lom pishiriq

Xurmoli keks – sog‘lom pishiriq

Xurmoli keks tayyorlashga juda oson kekslardan biridir. U nisbatan sog‘lom shirinlik bo‘lib, xurmoli keksning shirasi asosan tabiiy shakardan keladi. Kuz va qish oylari uchun juda mos tushadigan nonushta yoki tamaddi.

Kerakli mahsulotlar (33×23 smli keks uchun):

  • 3 dona xurmo
  • 70 gr shakar (men jigarrang shakardan foydalandim)
  • 3 dona tuxum
  • 300 gr un
  • 200 ml sut (ozgina limonning sharbati qo‘shilgan)
  • 1.5 choy qoshiq razrixlitel
  • Yarim choy qoshiq tuz
  • Ozgina vanillin
  • Yarim choy qoshiq dolchin maydasi
  • Mayiz, yong‘oq, mayda shokoladlar (o‘zingiz xohlagan miqdorda)

Xurmoli keks uchun avval xurmolarni qirg‘ichdan o‘tkazib oling.

Alohida idishda un, razrixlitel, tuz, shakar, dolchin maydasi va quruq mevalarni aralashtirib oling.

Xurmoli keks uchun kerakil mahsulotlar

Endi tuxum va sutni aralashtirib oling.

Xurmoli keks uchun kerakil mahsulotlar

Quruq mahsulotlarning ustiga xurmo va sutli aralashmani quying. Hammasini aralashtiring. Xamir biroz suyuqroq bo‘ladi.

xamir

Xamirni yog‘langan qolipga quying. Men qolipning tubiga fergament qog‘ozidan ham soldim, keksni chiqarish oson bo‘lishi uchun.

Xurmoli keks

Xurmoli keksni 175⁰C da qizib turgan duxovkada 45 atrofida pishiring.

Xurmoli keks

Xurmoli kekslar tayyor bo‘lganda ham biroz namroq bo‘ladi. Lekin xamir gugurt cho‘piga yopishmaydi.

Tayyor xurmoli keksni biroz sovitib qolipdan chiqaring. Keyin kesib dasturxonga torting. Ta’bga qarab ustiga shakar kukuni sepish mumkin. Bu kekslar 3-4 kungacha yaxshi saqlanadi.

Xurmoli keks

E’tibor qiling:

Xurmoli keksga umuman shakar solmaslik yoki shakar miqdorini oshirish mumkin. 70 gr shakar bu miqdordagi keks uchun oz hisoblandi. Shuning uchun bu keks sog‘lom kekslar kategoriyasiga kiradi.

Mevali keksni pastroq olovda uzoqroq vaqt pishirish kerak.

Xurmoli keks

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda yana boshqa mevali va sog‘lom kekslarning retseptini topasiz. Masalan, tvorogli pirog yoki sulidan maffinlar.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com