You are currently viewing Pizza non – ajoyib yozgi taom (Flat Bread)

Pizza non – ajoyib yozgi taom (Flat Bread)

Pizza non ajoyib ta’mga ega sog‘lom taomdir. U yoz oylariga juda mos tushadi. Pizza non Italiya taomi bo‘ladi. Lekin uni hozirda juda ko‘p joylarda uchratish mumkin.

Kerakli mahsulotlar (3 dona katta non uchun):

Xamir uchun:

  • 550 gr atrofida un
  • 300 ml atrofida iliq suv
  • 1 osh qoshiq xamirturush
  • 1 osh qoshiq shakar
  • Ozgina zaytun yog‘i
  • 1 osh qoshiq tuz

Ustiga:

  • 6 osh qoshiq pesto sousi
  • 2 dona baqlajon
  • 3-4 dona pomidor qoqi
  • 200 gr qattiq pishloq turi (cheddar)
  • 200 gr mozarella pishlog‘i

Xamir tayyorlash

Idishda un, tuz va shakarni aralashtirib oling. Alohida idishda suv, xamirturush va zaytun yog‘ini aralashtirib oling.

Hamma mahsulotlarni aralashtirib xamir qoring. Xamirga 10 minut atrofida ishlov bering. Keyin uning ustiga yog‘ surib, ustini sellofan paket bilan o‘rab iliq joyda oshiring. Xamir oshigunicha sabzavotlarni tayyorlab turing.

Pizza non uchun sabzavotlarni tayyorlash

Baqlajonlarni diagonal yo‘nalishida kesib oling. Keyin ularni yog‘ surkalgan tovada ikki tomoni qizartirib oling.

Qattiq pishloqni qirg‘ichdan chiqarib oling.

Xamirni oling va uni uchga bo‘lib oling.

Bitta xamirni olib 30×45 sm atrofida yoyib oling. Men xamirni fergamant qog‘oz ustida yoyaman.

Uni 250⁰C da qizib turgan duxovkada 3-4 minut atrofiga soling.  Bu orada xamirning ustida pufaklar paydo bo‘ladi. Xamirni duxovkadan tashqariga chiqarib, pufaklarni vilka bilan teshib oling. Uni yana qayta duxovkaga 2 minutga soling.

Endi xamirni duxovkadan chiqaring. Ustiga 2 osh qoshiq pesto sousini surkab chiqing. Pesto sousining retseptini bu yerda topish mumkin.

Keyin baqlajon, pomidor qoqidan va pishloqdan qo‘ying. Pizza nonni duxovkaga 4 minutga soling.

Bu non duxovkadan chiqishiga ustiga kesilgan mozarellani qo‘ying.

Pizza non tayyor, uni issiqligida dasturxonga torting.

E’tibor qiling:

Pizza non uchun pomidor qoqining o‘rniga yangi pomidor ham ishlatish mumkin. Lekin pomidorni non pisgach, dasturxonga tortishdan oldin qo‘yish kerak. Bo‘lmasa pomidorning suvi chiqib ketadi. Bu  nonni yumshatib qo‘yadi.

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda yana boshqa mazali nonlarning retseptini ham topasiz. Yana blogda pizza, kalzone va strombolining retsepti ham bor.  

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com